Yoʻl-yoʻriqlar
Ittifoqchilaringiz va dushmanlaringiz boʻlgan shaxslar, tashkilotlar va muassasalarni aniqlash foydali boʻlishi mumkin. Ittifoqchilar – bu siz ishonadigan va sizni yoki sizning sababingizni qoʻllab-quvvatlovchi kishilardir. Ular sizning xavfsizligingiz va himoyangizni mustahkamlash yoki hujum, taʼqib yoki senzuraga duch kelganingizda sizning himoyangiz uchun ishlatilishi mumkin boʻlgan tarmoqlar va boshqa resurslarga ega boʻlishi mumkin. Ushbu resurslar nimalar ekanini tushunish va har bir ittifoqchining individual motivlari va ustuvor yoʻnalishlariga murojaat qilish ular bilan yanada samarali ishlashingizga yordam beradi.
Aksincha, dushmanlar esa sizga yoki sizning tashkilotingizga zarar yetkazish yoki hujum qilishga urinishi mumkin. Sizning harakatlaringiz ularga tahdid solishi va ishingiz muvaffaqiyatli boʻlsa, ular nimanidir yoʻqotishi mumkin. Ular jinoiy toʻdalar, qurolli guruhlar, qudratli biznes doiralari yoki hukumat amaldorlari va siyosatchilar boʻlishi mumkin. Dushmanlaringizning ehtimoliy muddaolari nima ekani va ular ega boʻlgan imkoniyatlarni tahlil qilish orqali ular soluvchi tahdidni yaxshiroq tushunishingiz mumkin. Masalan, ijtimoiy tarmoqlardagi trol ovozingizni oʻchirmoqchi boʻlishi mumkin, ammo amalda buni amalga oshirish uchun uning imkoniyati cheklangan; mahalliy xavfsizlik kuchlari ham sizga zarar yetkazishni xohlashlari va ushbu niyatni amalga oshirish uchun zarur vositalar va jazosiz qolish imkoniyatiga ega boʻlishlari mumkin.
Xavf nuqtayi nazaridan, “zaiflik” – bu sizning tahdiddan himoyasizlik darajangizdir; buning ojizlik bilan hech qanday aloqadorligi yoʻq. Tahdid mavjud boʻlishi mumkin, lekin siz undan himoyasiz boʻlmasangiz yoki zaif boʻlmasangiz, u shaxsan siz uchun xavf keltirmaydi. Xavf tahdidlar va zaifliklaringiz bir-biri bilan kesishgan joyda mavjud boʻladi. Aksariyat tahdidlar tashqi boʻlsa-da, zaifligingizni oshiruvchi omillar odatda ichki boʻladi. Ularning baʼzilari ishingiz bilan bogʻliq boʻladi: masalan, siz tashviqot olib boradigan masalalar yoki siz foydalanadigan taktikalar. Odatda siz ushbu omillar ustidan maʼlum darajada boshqaruv va tanlovga ega boʻlasiz. Boshqa omillar shaxsiyatingizga aloqador boʻlishi va masalan, jinsiy oriyentatsiyangiz, jinsiy identifikatsiyangiz, yoshingiz, etnik kelib chiqishingiz yoki millatingizni oʻz ichiga olishi mumkin. Ushbu xususiyatlarni boshqarish imkoniga ega boʻlmasangiz ham, ular sizga qarshi tahdidlarga zaifligingizni qay tarzda oshirishi yoki kamaytirishi mumkinligini tushunish muhimdir.
Siz himoyasiz boʻlgan tahdidlarning hammasi ham bir xil xavf darajasiga ega emas. Buni har bir tahdidning yuzaga kelish ehtimoli va u yuzaga kelgandagi taʼsirni baholashning tizimli jarayoniga rioya etgan holda tadqiq qilishingiz mumkin. Bu sizga qaysi xavflarni kamaytirishga eʼtibor qaratish kerakligini yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Agar siz cheklangan resurslar yoki kam sonli ittifoqchilar bilan ishlayotgan boʻlsangiz, bu yanada muhimdir.
Sizga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan barcha tahdidlarni sanashdan boshlang va ularning har biridan qanday himoyasiz ekaningizni tasvirlang. Dushmanlar sizga qarshi toʻgʻridan-toʻgʻri (maqsadli) tahdid soladi. Sizga zarar yetkazishi yoki jismoniy shikast yetkazishi mumkin bo'lgan boshqa tahdidlar bilvosita boʻladi. Himoya, tibbiy va salomatlikka oid masalalar hamda xavfsizlik muammolarini koʻrib chiqish muhimdir. Shuningdek, jismoniy tahdidlar bilan bir qatorda, raqamli xavfsizligingiz va farovonligingizga tahdidlarni ham hisobga olishingiz kerak.
Oʻzingizning zaif tomonlaringizni hisobga olgan holda, yuzaga kelish ehtimolini baholash uchun har bir tahdidga 1 dan 5 gacha (“ehtimolligi juda kam”dan “ehtimolligi juda yuqori”gacha) hamda uning siz va ishingizga taʼsirini baholash uchun 1 dan 5 gacha (“arzimas”dan “nihoyatda jiddiy”gacha) ball berib chiqing. Har bir tahdidning ehtimollik va taʼsir ballarini koʻpaytirish sizga 1 dan 25 gacha boʻlgan xavf reytingini beradi. Reytingi 1-3 ball boʻlganlarni xavflilik darajasi juda past deb hisoblash mumkin; reytingi 4-6 ball boʻlganlarni xavflilik darajasi past deb hisoblash mumkin; reytingi 8-10 ball boʻlganlarning xavflilik darajasi oʻrtacha; reytingi 12-16 ball boʻlganlarning xavflilik darajasi yuqori; va reytingi 20 yoki 25 boʻlganlarning xavflilik darajasi juda yuqori. Bu daxlsiz (yoki yengillashtirilmagan) xavf deb nomlanadi.
Siz ushbu mashqni vaqti-vaqti bilan, yangi yoki oʻzgaruvchan tahdidlar yoki zaifliklarga javoban yoxud siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy yoki huquqiy muhitdagi jiddiy oʻzgarishlardan soʻng bajarishingiz kerak.
Siz duch keladigan xatarlarni yaxshiroq tushunib olganingizdan soʻng, ushbu xavflarni kamaytirish boʻyicha baʼzi maqsadli choralar haqida oʻylashni boshlashingiz mumkin. Buni navbat bilan har bir tahdidning yuzaga kelishi ehtimolini va/yoki taʼsirini muntazam ravishda kamaytirish orqali amalga oshirishingiz mumkin. Zaifliklaringizni bartaraf qilishga eʼtibor qaratishingiz kerak, chunki ularning baʼzilari sizning nazoratingiz ostida boʻladi. Baʼzan tahdidning yuzaga kelish ehtimoliga taʼsir qilish qiyin boʻlishi mumkin, biroq shunda ham uning taʼsirini cheklashingiz mumkin. Yodda tuting, xatti-harakatlaringiz va ish amaliyotlaringizga oddiy oʻzgartirishlar kiritish texnik yechimlarga qaraganda arzonroq va samaraliroq boʻladi. Mazkur choralarni bitta roʻyxatga birlashtirish orqali xavflarni kamaytirish boʻyicha sodda rejaga ega boʻlasiz va uni muntazam ravishda qayta koʻrib chiqishingiz kerak.
Agar nihoyatda koʻp sonli tahdidlarga duch kelsangiz, avvalo qaysi biriga eʼtibor qaratish kerakligini hal qilish foydali boʻlishi mumkin. Buning bir qancha usullari mavjud. Siz xavfni qabul qilishni, butunlay uning oldini olish, boshqalarga oʻtkazishni yoki boshqalar bilan baham koʻrish yoxud uni boshqarishni tanlashingiz mumkin. Xavflilik darajasi oʻrtacha yoki past boʻlgan har qanday xavfni hozircha qabulga tayyorman, degan qarorga kelishingiz mumkin, lekin xavflilik darajasi yuqori yoki juda yuqori boʻlgan barcha xatarlarning oldini oling, boshqaga oʻtkazish yoki boshqaring. (Siz xavfni qabul qilishga tayyor boʻlmagan nuqta sizning xavf ostonangiz deb nomlanadi.) Bu sizga kuchingiz va cheklangan resurslaringizni faqatgina siz oldini ololmaydigan yoki boshqaga oʻtkaza olmaydigan yuqori va juda yuqori xavflilik darajasiga ega xatarlarni yumshatishga yoʻnaltirish imkonini beradi.
Siz tatbiq qilayotgan yumshatish choralari asosida tahdidlarni yangi ehtimollik va taʼsir koʻrsatkichlari bilan qayta baholashingiz mumkin. Qayta ko'rib chiqilgan reytinglar siz uchun qoldiq (yoki qolgan) xavfni anglatadi. Unutmang, ularning baʼzilari xavf ostonangizdan yuqorida boʻlishi mumkin va ularning xavflilik darajasini maqbul darajaga tushirish uchun koʻproq eʼtibor talab etiladi.
Bizning ongimiz instinktiv ravishda atrofimizdagi dunyodagi oʻzgarishlarni tezda normallashtirishga intiladi. Bu farovonlik nuqtayi nazaridan, juda ijobiy boʻlishi mumkin. Lekin xavfsizlik nuqtayi nazaridan, bu biz yoki ishimiz uchun katta xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlarni oʻtkazib yuborishimiz yoki hatto inkor etishimiz mumkinligini anglatadi.
Bunga qarshi turish uchun atrofingizdagi insonlar va narsalardan ogoh boʻling hamda harbiy davralarda “normalning yoʻqligi, gʻayritabiiyning mavjudligi” deb ataladigan narsalarga eʼtiborli boʻling. Siz xotirjam ogohlik holatini saqlashga intilyapsiz. Kundalik hayotingizda paydo boʻladigan yoki yoʻqolib ketadigan shaxslarga yoki atrofdagilarning xulqidagi oʻzgarishlarga e'tiborli boʻling. Bunga taʼqiblar ohangi yoki chastotadagi oʻzgarishlar yoki sizga va hamkasblaringizga qarshi hujumlarning keskin kuchayishini oʻz ichiga olishi mumkin. Xuddi shuningdek, atrofingizdagi yangi narsalar, masalan, transport vositalari yoki qurilmalar yoki noodatiy kutilmagan kutilmagan joylardagi buyumlardan ogoh boʻling. Mazkur vaziyatdan xabardorlikni saqlash sizga qarshi harakatlarni taxmin qilishingizga yordam berishi mumkin va munosib reaksiya bildirishingizga vaqt beradi.
Agar atrofingizdagi yoki dushmanlaringizning xatti-harakatlaridagi oʻzgarishlar yangi tahdid yoki xavfning oshganligidan dalolat berishi mumkin deb hisoblasangiz, ehtiyot choralarini koʻrishingiz kerak. Bunga, masalan, vaziyatni yaxshiroq tushunishga harakat qilish uchun doʻstlar, oila aʼzolari va hamkasblar bilan oʻzgarishlarni muhokama qilish; sayohat rejalarini oʻzgartirish yoki xavfsizroq joyga koʻchish; yoxud sizni qoʻllab-quvvatlovchi tanishlaringizni sizga nisbatan xavfning oshganligini sezganingiz haqida ogohlantirib, ulardan sizga yordam berishlarini soʻrash kabilar kiradi.
Har kuni tayinlangan xavfsizlik boʻyicha kontaktingiz bilan xabarlashish uchun belgilangan vaqtlarni kelishib olish siz bilan yuz beradigan biror hodisa va sizni qoʻllab-quvvatlovchi tanishlaringizning buni anglab, vahima koʻtarishi yoki yordam kuchlarini safarbar qilishi oʻrtasidagi vaqtni qisqartiradi.
Xavf darajasi yuqori boʻlgan joylarda yoki katta xavf tugʻdiradigan paytlarda ushbu “xabarlashishlar” har 30 daqiqada amalga oshirilishi mumkin. Xavf darajasi past boʻlgan joylarda yoki xavf kamaygan paytlarda, xabarlashishlar kuniga atigi bir marta – kechqurun amalga oshirilishi mumkin. Siz va xavfsizlik boʻyicha kontaktingiz voqelikka va maqsadga muvofiq boʻlgan narsalar haqida kelishib olishingiz kerak. Xabarlashish jadvali muayyan manzillarga yetib kelish yoki ularni tark etish vaqtiga emas, kun davomidagi odatiy vaqtlarga moslashtirilgan boʻlishi muhimdir. Bu safarlaringizdagi xabarlashish vaqti oʻtkazib yuborilishiga sabab boʻluvchi kechikishlar va xavfsizlik boʻyicha kontaktingizni sababsiz xavotirga qoʻyishning oldini oladi.
Siz va xavfsizlik boʻyicha kontaktingiz xabarlashish vaqtini oʻtkazib yuborganingizda bajariladigan harakatlar boʻyicha kelishib olishingiz juda muhimdir. Oʻtkazib yuborilgan xabarlashish vaqtidan boshlab necha soat oʻtganligi asosida koʻlami va jiddiyligi oshib boradigan bosqichma-bosqich javob harakatlari toʻplamiga ega boʻlish oqilona qaror hisoblanadi. Agar iloji boʻlsa, sizning oxirgi maʼlum manzilingizni aniqlab olishi uchun jadvalingizni koʻrish imkoniyatiga ega boʻlish xavfsizlik boʻyicha kontaktingiz uchun foydali boʻladi. Agar xavfsizlik boʻyicha kontaktingiz xalqaro sherik boʻlsa, vaqt zonalaridagi farqlar va aloqa bilan bogʻliq asossiz vahima keltirib chiqaruvchi ehtimoliy muammolarni hisobga olishni unutmang. Xavfsizlik boʻyicha xalqaro kontaktlar ham sizning qayerdaligingizni aniqlash uchun yordam kuchlaringizni safarbar qila olishi kerak.
Dushmanlar sizni zaif yoki oson nishon deb hisoblasa, ular katta ehtimol bilan sizga hujum qilishi yoki sizni taʼqib qilishi mumkin. Mahalliy ittifoqchilaringiz sizni qoʻllab-quvvatlashi mumkin boʻlgan amaliy usullardan biri – bu ularning yuqori xavf paytida siz bilan birga boʻlishlari yoki xavf yuqori boʻlgan joylarda siz bilan birga safar qilishlaridir. Atrofingizdagi kishilar dushmanning harakatlarini bloklab qoʻyishi yoki, hech boʻlmaganda, ular payqalmay qolib ketishiga yoʻl qoʻymasligi mumkinligi uni mazkur harakatlardan qisqa muddatga tiyilishga majbur qilishi mumkin.
Siz bilan birga qolayotgan yoki safar qilayotgan hamkasblaringiz yoxud boshqa kishilarning oʻzlarini ham xavf ostiga qoʻyishi mumkinligini unutmang. Agar siz doimiy va jiddiy tahdidlarga uchrasangiz, buning oʻrniga Peace Brigades International (Xalqaor tinchlik brigadalari) kabi maxsus tashkilotdan xalqaro himoyaviy hamrohlik soʻrash haqida oʻylab koʻrishingiz mumkin. Himoyaviy hamrohlik – inson huquqlari himoyachilari va tahdid ostida boʻlgan jamoalarni himoya qilishning zoʻravon boʻlmagan, ammo ochiq strategiyasidir. Koʻngilli hamrohlar inson huquqlari uchun xalqaro gʻamxoʻrlik ifodasidir. Dushmanlar xalqaro koʻngillilar hamrohligida himoyalanayotgan kishilarga qilingan har qanday hujumga koʻngillilar guvoh boʻlishini, shuningdek, bu huquqiy, siyosiy, diplomatik yoki iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini biladi.
Agar sizni hibsga olishsa, oʻgʻirlashsa yoki sizga zarar yetkazilsa, oilangiz yoki boshqa tayinlangan shaxslar moliyaviy va huquqiy hujjatlaringiz bilan tanishishlari yoki sizning ushbu va boshqa muhim sohalardagi istaklaringizni bilishlari kerak boʻlishi mumkin. Shuning uchun vasiyatnoma yozishingiz yoki uni yangilashingiz hamda uni boshqa tegishli hujjatlar bilan birga ishonchli shaxslar kelishgan sharoitlarda olishlari mumkin boʻlgan xavfsiz joyda saqlashingiz kerak. Xavfsiz saqlash joyingiz qulflanadigan javon yoki seyf joy yoki shifrlangan raqamli fayl boʻlishi kerakligi haqida qaror qilayotganingizda xavfsizlikning nisbiy ahamiyati, olishning osonligi hamda bexosdan yoki qasddan oʻchirib yuborilish yoki yoʻq qilinish ehtimolini hisobga oling.
Agar biror sababga koʻra ishlay olmasangiz, siz yoʻqligingizda hamkasblaringiz va sheriklaringizning harakatlar va operatsiyalarni davom ettirishlari qiyin boʻlishi mumkin. Buni hal qilish uchun birgalikda sizning asosiy vazifalaringiz sanab oʻtilgan va ularning har birini kim oʻz zimmasiga olishi, shuningdek, vazifalarni bajarish uchun ularga kerak boʻladigan maʼlumot va manbalar koʻrsatilgan reja tuzishingiz kerak. Soʻng hamkasblaringiz va boshqa manfaatdor tomonlar oʻrtasida ziddiyat va tushunmovchiliklarning kelib chiqish ehtimolini kamaytirish uchun mazkur rejani ularga ham ulashishingiz kerak.
Agar hibsga olinsangiz yoki undan-da yomonroq holda boʻlsangiz, dushmanlar sizning yoʻqligingizda oilangiz va hamkasblaringizga tahdid qilishi mumkin. Buni xavfsizligingiz va favqulodda holatlardagi harakatlar rejasini tuzayotganda hisobga olish muhimdir. Yaqinlaringizning yashirinishiga, elchixona yoki boshqa joydan boshpana izlashiga, mamlakatning boshqa qismiga koʻchib oʻtishiga yoki umuman mamlakatni tark etishiga zarurat tugʻilishi mumkin. Ular oʻz xavfsizligini taʼminlash maqsadida qisqa vaqt ichida eng munosib harakatlarni amalga oshirishi uchun ushbu variantlarning har biri boʻyicha oldindan aniq rejalar tuzishlari zarur.
Inson huquqlari himoyachilariga moʻljallangan xavfsizlik boʻyicha trening insonparvarlik yoki korporativ sektorlardagi standart xavfli sharoitdan ogohlik treningidan keskin farq qiladi. Bunday xarakterdagi xavfsizlik boʻyicha trening odatda zoʻravon jinoyatchilar yoki qurolli guruhlar tomonidan bilvosita tahdidlarga uchrashi mumkin boʻlgan muhim manbalarga ega tashkilotlarning xalqaro xodimlari uchun moʻljallangan. Aksincha, inson huquqlari himoyachilari va yer, atrof-muhit hamda mahalliy huquqlarni himoya qiluvchilar, odatda, cheklangan resurslarga ega mahalliy jamoat aʼzolari boʻlishadi va koʻpincha, davlat yoki tashkilot qoʻllab-quvvatlashi ostidagi keng imkoniyatlarga ega dushmanlarning toʻgʻridan-toʻgʻri tahdidlariga uchrashadi.
Inson huquqlari himoyachilari uchun xavfsizlik boʻyicha trening shaxsiy xavf-xatar haqida tushunchani shakllantirishga qaratilgan hamda jins va boshqa shaxsiyatga oid omillarni hisobga olgan boʻlishi kerak. Murabbiylar xavfsizlik strategiyasi va taktikasini ishtirokchilar bilan birgalikda ishlab chiqishga harakat qilishi va xabarlashish jadvallari, hamrohlik, favqulodda holatlardagi harakatlarni rejalashtirish kabi ushbu qoʻllanmada ilgari surilgan vaziyatdan xabardorlik boʻyicha koʻplab choralarni qamrab olishi lozim. Treningning kompleksligi, jismoniy xavfsizlik va himoyadan tashqari raqamli xavfsizlik, salomatlik hamda bardoshlilik masalalarini oʻz ichiga olishi muhimdir.
Agar siz doimiy va jiddiy jismoniy shikast tahdidiga duch kelsangiz yoki tibbiy sharoitlari cheklangan hududlarda yashasangiz yoki ishlasangiz, kompleks birinchi tibbiy yordam oʻquv mashgʻulotini tugatish haqida ham oʻylab koʻrishingiz mumkin. Maqbul oʻquv mashgʻuloti hayotni saqlab qolish boʻyicha asosiy koʻnikmalar kabi eng muhim birinchi yordam koʻnikmalarni oʻz ichiga olishi, biroq unda asosiy eʼtibor halokatli qon ketishini toʻxtatish va jarohatlanganlarni xavfsiz harakatlantirish kabi ancha ilgʻor koʻnikmalarga qaratilishi kerak. U jarohatga qarshi tibbiy vositalar toʻplamida nimalar boʻlishi va ulardan toʻgʻri foydalanish masalalarini qamrab olishi lozim. Eng muhimi, oʻquv mashgʻuloti qanday qilib oʻzingizni davolash va asosiy jihozlarni yasash masalasini ham oʻz ichiga olishi kerak. Siz bir necha kun davom etadigan hamda ssenariylar va amaliy mashqlarni oʻz ichiga olgan kursni tanlashingiz kerak. Oʻquv mashgʻuloti yakunlangach, iloji boʻlsa, uyingiz, transport vositangiz va ofisingiz uchun jarohatga qarshi tibbiy vositalar toʻplamlarini sotib olishingiz kerak.
Xavfsizlik va birinchi yordam koʻrsatish oʻquv mashgʻulotlari borasida, koʻnikmalaringizni unutmaslik va yaxshilash uchun har yili malaka oshirish kursini tamomlash va kamida har uch yilda bir marta toʻliq kursni tamomlash muhimdir.
Maqsadlarimizga erishish uchun biz qabul qilishga tayyor boʻlgan xavf darajasi har birimizda har xil. Xavflar boshqaruvida bu “xavf ishtahamiz” deb nomlanadi. Inson huquqlari hamda atrof-muhitni himoya va targʻib qiluvchilar koʻp hollarda boshqalarga qaraganda yuqoriroq xavf ishtahasiga ega boʻladi. Biroq hatto bitta tashkilot yoki oilada ham turli shaxsiy xavf ishtahalari uchraydi. Shunday boʻlsa-da, har birimiz uchun oʻzimiz yoki boshqalarga boʻlgan xavf, shunchaki, qabul qilishga nihoyatda ulkanlik qiladigan nuqta mavjud.
Oʻz xavf ishtahangizni chamalayotganda, hibsga olinsangiz yoki bundan-da yomonroq holat yuz bersa, uning doʻstlaringiz, oilangiz yoki hamkasblaringizga taʼsirini hisobga olish muhimdir. Maqsadingiz tomon ilgarilash uchun nihoyatda yuqori darajali shaxsiy xavfni qabul qilish mutlaqo oʻrinli qaror boʻlishi mumkin, biroq bu odatda faqatgina oʻzingiz yoki sizni qoʻllab-quvvatlovchi tanishlaringiz xavf amalga oshganda munosib javob choralarini koʻrishga qodir boʻlsangiz, masʼuliyatli yoʻl tutgan boʻlasiz.
Vaqt oʻtishi bilan xavf ishtahangiz oʻzgarishi mumkinligini tushunish muhimdir. Bu farzand tugʻilishi, turmush qurish yoki biror oila aʼzoning vafoti kabi muhim hayotiy hodisalardan soʻng yuz berishi mumkin. Yoki bu siz yoki hamkasbingizga taʼsir qiluvchi biror falokat yoki yuz berishiga bir baxya qolgan falokatdan keyin sodir boʻlishi mumkin. Sababidan qatʼi nazar, xavf ishtahangizdagi oʻzgarishlarni payqash, tushunish va ular haqida boshqalarni xabardor qilish muhimdir.